Ilon Mask “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi”ni yopishga chaqirdi

Dunyo

Ilon Mask “Amerika ovozi” va “Ozodlik” radiostansiyalarini yopishni taklif qildi. Maskning qoʻshimcha qilishicha, ular amerikalik soliq toʻlovchilarning choʻntagidan yiliga milliard dollarni yoqib yuboradi.

AQSH Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari, tadbirkor Ilon Mask “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi”ni yopishni taklif qildi.

“Endi ularni hech kim tinglamaydi. Bular shunchaki oʻz-oʻzi bilan gaplashib, amerikalik soliq toʻlovchilarning mablagʻlaridan yiliga 1 milliard dollarni yoqib yuborayotgan radikal soʻllar orasidagi aqldan ozganlar”, — deya xulosa qildi u.

Shunday qilib, Mask AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus topshiriqlar boʻyicha elchisi Richard Grenellning X ga yozgan xabarlariga izoh berdi:

“Ozodlik Yevropa radiosi” va “Amerika ovozi” amerikalik soliq toʻlovchilar toʻlaydigan ommaviy axborot vositalaridir. Bular davlatga tegishli OAV. Ularda oʻta soʻllardan chiqqan koʻplab faollar ishlaydi. Men bu jurnalistlar bilan oʻn yillar davomida ishlaganman.“ ”Bu eskilik sarqiti. Bizga davlat tomonidan toʻlanadigan OAV kerak emas“, — deya taʼkidladi Grenell.

Tramp maʼmuriyati avvalroq federal byudjet xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan qator choralar koʻrgan edi. Yanvar oyi oxirida deyarli barcha xorijiy yordam dasturlarini moliyalashtirish toʻxtatildi. Keyinchalik bunday dasturlarning katta qismi qayta tiklandi.

Tramp Maskni AQSH hukumati samaradorligini oshirish, shishirilgan davlat apparatini qisqartirish va byurokratiyaga qarshi kurash boʻyicha yangi Amerika idorasi (Department of Government Efficiency, DOGE) rahbari etib tayinladi. Amerika yetakchisining taʼkidlashicha, DOGE Oq uy bilan hamkorlikda ”tashqaridan tavsiya va maslahatlar beradi." NBC News telekanali maʼlumotlariga koʻra, yangi tuzilma federal hukumat doirasida toʻlaqonli vazirlik boʻlmaydi.

24-yanvar kuni yangi idora ishning dastlabki 80 soati davomida keraksiz deb topilgan taxminan 420 million dollarlik davlat shartnomalarini bekor qilganini maʼlum qildi. Umuman olganda, Mask AQSHning davlat xarajatlarini 2 trillion dollarga qisqartirishni kutmoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.