Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi 2025-yilda ziyoratchilarga Haj paytida oʻzlari bilan bolalar olib yurish taqiqlanganini maʼlum qildi. Ushbu qaror ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida qabul qilindi, chunki ziyorat paytida odamlar koʻp toʻplanadi, deb xabar beradi NDTV World.
Bundan tashqari, hukumat Hajni tashkil etish va xavfsizligini yaxshilash uchun qoʻshimcha chora-tadbirlarni joriy etdi. Xavfsizlik choralari boʻyicha axborot kampaniyalari, ziyoratchilar harakatini boshqarish uchun aqlli tizimlarni joriy etish, shuningdek, qulaylikni oshirish uchun chodirli lagerlar va yoʻlaklarni modernizatsiya qilish shular jumlasidandir.
Vazirlikning taʼkidlashicha, avvalgidek, Haj ziyoratiga birinchi marta borayotganlarga birinchi navbatda qatnashish huquqi beriladi.
Eslatib oʻtamiz, 2025-yil 1-fevraldan boshlab Haj yoki Umra ziyoratini amalga oshirishni rejalashtirganlar emlanganlik toʻgʻrisidagi sertifikatni taqdim etishlari shart. Vaksinaning uchta turiga ruxsat beriladi, bir yoshgacha boʻlgan bolalarni emlash shart emas.