Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari Toshkent shahridagi eng yirik supermarketlar tarmogʻida 21 ta pozitsiya boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining navbatdagi monitoringini oʻtkazdi.
9-yanvar va 6-fevral kunlari oʻtkazilgan monitoring maʼlumotlariga koʻra, 6 ta pozitsiya boʻyicha minimal narxlar oʻtgan oyga nisbatan pasaygan.
Xususan, kartoshka narxining pasayishi 26,1 foizni, qizil sabzi 11,3 foizni, osh lavlagi 8,2 foizni, tuxum 7,8 foizni, sut 0,9 foizni, shakar 0,4 foizni tashkil etdi.
Qayd etilishicha, oʻtgan oyda narxlar oshganidan keyin Pokistondan kartoshka importi kartoshka narxining pasayishiga yordam bergan.
8 turdagi mahsulotlarning minimal narxlari oshdi. Xususan, eng katta oʻsish oqbosh karam narxida qayd etildi. Bu mavsumiy omil bilan bogʻliq.
Apelsin narxi ham sezilarli darajada oshdi, biroq oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 30,0 foizga arzonlashdi.
7 turdagi mahsulotlarning eng arzon narxlari oʻzgarishsiz qoldi. Bular - bugʻdoy uni, guruch, grechka, makaron, olma, banan va tovuq filesi.
Eslatib oʻtamiz, yanvar oyida Qozogʻiston chegarasida Oʻzbekistonga olib kelinishi kerak boʻlgan ming tonnaga yaqin kartoshka chirigan edi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi mamlakatda kartoshka narxining oshishiga hosil yetishmovchiligi asosiy sabab boʻlganini maʼlum qildi. 2024-yilda takroriy ekilgan maydonlarda atigi 1 million tonna kartoshka yigʻib olindi, bu esa 1,7 million tonnalik zarur hajmning atigi 44 foizini qoplaydi.