Oʻzbekiston Milliy banki (Oʻzmilliybank) tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda ijaraga yoki lizingga berish orqali developerlardan tijorat koʻchmas mulklarini sotib olish uchun 500 mlrd soʻm yoʻnaltiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, tijorat banklariga ushbu jarayonda vositachilik rolini bajarishni topshirdi. Yangi chora-tadbirlar tufayli tadbirkorlar koʻchmas mulkka yanada qulay shartlarda ega boʻlishlari mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov quruvchilar bilan birgalikda boʻsh turgan noturar joylarni lizingga berish boʻyicha 4 trln soʻmlik loyihalarni tayyorlaydi. Bu 50 ming kvadrat metr tijorat koʻchmas mulkini iqtisodiy aylanmaga kiritish va 100 mingga yaqin ish oʻrni yaratish imkonini beradi.
Milliy bank rahbari Alisher Mirsoatovning maʼlum qilishicha, prezident bankka xizmat koʻrsatish sohasida 3 million kishini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha topshiriq bergan, ularning yarmi Toshkentga toʻgʻri keladi. Shuningdek, sohada oʻsish surʼatlari past boʻlgan 19 ta hudud boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqiladi.
2025-yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 67 trillion soʻm ajratiladi va 75,3 mingta loyiha moliyalashtiriladi. Koʻp qavatli uylarning birinchi qavatlaridagi noturar joylarda kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun MB 500 mlrd soʻm yoʻnaltirgan holda ipoteka kreditlarini joriy etadi. Buning natijasida 150 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligi va investitsiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazgandi. Joriy yilda 5 million 200 ming aholi bandligini taʼminlash, 1 million 500 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilgan.