Alisher Qodirov muhojirlarni ingliz tilini oʻrganishga va Rossiyani tark etishga chaqirdi

O‘zbekiston

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirovning fikricha, Rossiya mehnat bozori oʻzbekistonliklar uchun borgan sari noqulay, foydasiz va xavfli boʻlib bormoqda. Oliy Majlis deputati vatandoshlarni xorijiy tillarni oʻrganishga va boshqa davlatlardan ish izlashga chaqirdi.

Foto: Videodan kadr / Alisher Qodirov Telegram-kanali

Oliy Majlis deputati va “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari chet tillarini oʻrganishi va Rossiyadan tashqarida ish izlashi kerakligini aytdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya Federatsiyasida xorijiy ishchilar uchun mehnat sharoitlarini murakkablashtiradigan qonunlar qabul qilinmoqda.

“Migrantlarimizning aksariyati Rossiyada ishlaydi, ular orasida yoshlar ham koʻp. Rossiyadagi hamkasblar birin-ketin kamsituvchi qonunlarni imzolamoqda. Ularning mehnat sharoitini ogʻirlashtirish uchun hamma narsa qilinyapti. Rossiya [mehnat] bozori qiziq boʻlmayapti. Agar 100 soʻmdan 80 soʻmni qaytarib bersak, bundan nima foyda? U yerdan ularni [migrantlarni] olib chiqish mumkin. Ingliz tilini oʻrganing. Ingliz tilini minimal darajada bilgan holda, masalan, Germaniyaga uchib ketish mumkin”, — dedi Qodirov.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yil dekabr oyida “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Rossiyada rus tilini bilmaydigan bolalarni maktablarga qabul qilishni taqiqlovchi qonun qabul qilingani haqida gapirgan edi. Siyosatchining aytishicha, yangi qonun postsovet mamlakatlarida rus tiliga boʻlgan hurmatni pasaytiradi.

Bundan 10 kun oldin esa baʼzi rossiyalik siyosatchilarning Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida viza rejimini joriy etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan oʻzbekistonlik muhojirlar uchun talablarni kuchaytirish zarurligini aytgan edi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.