Ruminiya prezidenti isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi

Dunyo

Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis impichmenti tufayli mamlakatda siyosiy inqiroz boshlanmasligi uchun isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi.

Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis 12-fevraldan isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi.

“Bir necha kundan keyin parlament meni lavozimimdan chetlatish uchun ovoz beradi va Ruminiyada inqiroz boshlanadi, chunki prezident isteʼfosi boʻyicha referendum boshlanadi... Ruminiyani bu inqirozdan qutqarish uchun ertadan keyin, 12-fevral kuni lavozimimni tark etaman”, — dedi Yoxannis.

Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, bu qarordan hech kim yutmaydi, lekin referendum ichki va tashqi siyosatga salbiy taʼsir koʻrsatadi va jamiyatning boʻlinishiga olib keladi. Yoxannis Ruminiyaning “butun dunyoga kulgi boʻlishini” istamasligini aytdi.

Yoxannisning prezidentlik muddati 2024-yil 21-dekabrda yakunlandi. Oʻshandan beri u mamlakatda yangi davlat rahbari saylangunga qadar oʻz vazifalarini bajarishda davom etmoqda.

Ruminiyada prezidentlik saylovlari oʻtgan yilning 24-noyabrida boʻlib oʻtdi. Birinchi turda 22,94 foiz ovoz toʻplagan mustaqil nomzod Kalin Jorjesku gʻalaba qozondi. U Rossiya bilan konstruktiv oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyish tarafdori.

Ikkinchi oʻrinni 19,18 foiz natija bilan NATO va AQSH bilan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi oʻng markazchi “Ruminiyani qutqarish ittifoqi” yetakchisi Yelena Laskoni egalladi.

Jorjesku va Laskoni 8-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan saylovlarning ikkinchi bosqichida raqib boʻlishlari kerak edi, biroq ovoz berishdan bir necha kun oldin Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi butun saylov jarayonini bekor qildi va ovoz berishni, shu jumladan saylovoldi kampaniyasini qayta oʻtkazishga qaror qildi.

Bu qaror Ruminiya maxsus xizmatlari Jorjesku saylovoldi kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirgani haqidagi hujjatlarni oshkor qilganidan keyin qabul qilingan. Shuningdek, Ruminiya rasmiylari goʻyoki jarayonga Rossiyaning “aralashuvi” sodir boʻlganini taʼkidladi.

Ruminiyada yangi prezidentlik saylovlari 4-mayga belgilangan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.