Buxoro viloyati Romitan tumanidagi xususiy uyda sher bolasi noqonuniy saqlanayotgani aniqlandi.
Viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Koʻkishtuvon mahallasida yashovchi fuqaro yovvoyi hayvonni tegishli ruxsatnomalarsiz saqlab kelgan. Huquqbuzarlik tuman ichki ishlar boʻlimi va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda ekologlar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda oʻz tasdigʻini topgan.
Mulk egasiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 92-1-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga oshirilgan. Arsloncha vaqtincha hayvonot bogʻiga joylashtirildi.
Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, jismoniy shaxslar tomonidan uyda boqish taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash ularni musodara qilib, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming soʻmdan 3 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu qonun joriy yilning yanvar oyida kuchga kirdi.