Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning maʼlum qilishicha, Rossiya hukumati Donald Trampning eng yaqin safdoshlaridan biri sifatida tilga olingan Stiv Uitkoff bilan aloqalarni rejalashtirmayapti. U bu haqda 11-fevral kuni brifing chogʻida Uitkoffning Moskvaga tashrifi haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, maʼlum qildi, deb yozadi Meduza.
“Yoʻq, hech qanday maʼlumot yoʻq. Bizda [Stiv Uitkoff bilan] hech qanday aloqalar rejalashtirilmagan”, — deya Peskovning soʻzlarini keltiradi “Interfaks.” Peskov, shuningdek, “Ukrainadagi mojaroni hal qilish boʻyicha hech qanday muzokaralar rejalashtirilmaganini” taʼkidladi.
Avvalroq Rossiya va Ukraina Telegram-kanallari 11-fevral kuni Vashingtondan uchgan Gulfstream G650ER xususiy samolyoti Moskvaga yetib kelgani haqida xabar bergan edi. OAV uning Uitkoffga tegishli boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan, biroq bunga dalil keltirilmagan. Rosaviatsiyaning TASSga maʼlum qilishicha, samolyot gumanitar hamkorlik doirasida bir martalik texnik parvozni amalga oshirgan.
Ayni paytda AQSH Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish boʻyicha tinchlik rejasini tayyorlashni davom ettirmoqda. Ishlab chiqish bilan AQSH prezidentining Rossiya va Ukraina boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog shugʻullanmoqda. The Telegraph xabariga koʻra, u NATO boʻyicha ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish uchun reja ustida ishlashni vaqtincha toʻxtatgan. Bloomberg agentligining xabar berishicha, Kellog Trampga yaqin haftalarda Yevropa davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar va Kiyevga tashrifdan soʻng tinch yoʻl bilan hal qilish variantlarini taqdim etadi. U Moskvaga bormoqchi emas.