Tramp: AQSH Ukrainaning 500 mlrd dollarlik noyob metallarini oladi

Dunyo

AQSH prezidenti Vashington mojaroning borishidan qatʼi nazar, Ukrainaning 500 milliard dollarlik nodir metallarini olishini aytdi. Uning taʼkidlashicha, Kiyev allaqachon harbiy yordam uchun toʻlov sifatida resurslarni berishga rozi boʻlgan.

Foto: independent.co.uk

AQSH prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Vashington voqealar rivoji, jumladan, mamlakatning Rossiya tarkibiga kirishi ehtimolidan qatʼi nazar, Ukrainaning 500 milliard dollarlik nodir metallariga kirish huquqini qoʻlga kiritganini aytdi.

“Ular (ukrainlar) kelishuv tuzishi ham, tuzmasligi ham mumkin. Bir kun kelib ular Rossiyaning bir qismiga aylanishi ham, aylanmasligi ham mumkin”, — dedi Tramp va Qoʻshma Shtatlar Kiyev va Moskva tinchlik kelishuviga erishmagan taqdirda ham Ukraina tabiiy resurslaridan kafolatlangan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Siyosatchining soʻzlariga koʻra, Ukraina allaqachon Vashington tomonidan koʻrsatilgan harbiy yordam evaziga AQSHga nodir metallarni topshirishga rozi boʻlgan.

Trampning bayonotiga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov izoh berdi. Uning taʼkidlashicha, hozirda Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi masalasi koʻrib chiqilmayapti, ammo “hammasi mumkin”.

“Har qanday hodisa 50 ga 50 ehtimollik bilan sodir boʻladi — yoki ha, yoki yoʻq”, — deya qoʻshimcha qildi Kreml vakili.

Avvalroq Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Vladimir Zelenskiyni tanqid qilib, uni Ukraina Rossiya bilan urushga kirganlikda ayblagandi. Biroq u Moskvaning harbiy harakatlariga Kiyevning javobi qanday boʻlishi kerakligiga aniqlik kiritmadi.

Eslatib oʻtamiz, kuni kecha OAVda Donald Trampning safdoshlaridan biri Rossiyaga uchib kelgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya rasmiylari Donald Trampning Moskvaga ehtimoliy tashrifi haqidagi xabarlarga qaramay, uning safdoshlaridan biri bilan uchrashishni rejalashtirmayapti. Rosaviatsiya Vashingtondan xususiy samolyot uchib kelganini tasdiqladi, biroq bu bir martalik texnik parvoz boʻlganini taʼkidladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.