Afgʻoniston jamoat ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Iso Soniy Xitoyning Kobuldagi elchisi Chjao Sin bilan mamlakat shimolida Vaxan yoʻlagi loyihasini amalga oshirishdagi taraqqiyotni muhokama qildi.
Vazirlik bayonotiga koʻra, Soniy Xitoyning Afgʻoniston bilan hamkorligi uchun Chjaoga minnatdorlik bildirib, Kobul va Pekin uzoq yillik iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy aloqalarga ega ekanini qayd etgan.
Shuningdek, turli sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, Vaxan yoʻlagi loyihasi boʻyicha dastlabki oʻrganishlar yakunlangan va hozirda loyihalashtirish bosqichi ustida ish olib borilmoqda.
“Xitoyda Vaxan yoʻlagini ochish bilan bogʻliq muammolar yoʻq va agar xavfsizlik muammolari tubdan hal qilinsa, turli sohalarda keyingi taraqqiyotga erishiladi”, — deya qoʻshimcha qildi Chjao Sin.
Shu bilan birga, bosh vazir devoni bosh direktori Abdul Vase Afgʻonistonda umumiy xavfsizlik taʼminlangani va Xitoy bundan xavotir olmasligini aytdi.
Qurilish tugagandan soʻng, Vaxan yoʻlagi sharqqa choʻzilib, Afgʻonistonni Xitoyning Shinjon viloyati bilan bogʻlaydi.
Vaxan yoʻlagi — Afgʻoniston sharqidagi tor, choʻzinchoq hudud boʻlib, geografiyasi, tarixi va strategik ahamiyati jihatidan noyob mintaqadir. U Pomir va Hindukush togʻlari oraligʻida joylashgan boʻlib, Markaziy va Sharqiy Osiyo oʻrtasida oʻziga xos “koʻprik” vazifasini oʻtaydi.
Ushbu yoʻlak taxminan 350 kilometrga choʻzilgan boʻlib, uning kengligi 13 kilometrdan 65 kilometrgacha oʻzgarib turadi. Shimolda Tojikiston, janubda Pokiston, sharqda Xitoy bilan chegaradosh. Vahon yoʻlagi Afgʻoniston va Xitoy oʻrtasidagi chegaraning yagona uchastkasi boʻlib, uzunligi qariyb 92 kilometrni tashkil etadi, bu esa unga alohida geosiyosiy ahamiyat beradi.
Tarixan Vaxan yoʻlagi Buyuk Ipak yoʻlining bir qismi boʻlib, u orqali Xitoy, Markaziy Osiyo va Hindiston oʻrtasida yuk karvonlari qatnagan. XIX asrda Britaniya va Rossiya imperiyalari oʻrtasidagi “Katta oʻyin” deb nomlangan davrda bu mintaqa ikki mustamlakachi davlat manfaatlarining toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun yaratilgan bufer zonaga aylandi. Shu tariqa yoʻlak nafaqat savdo, balki strategik ahamiyat kasb etdi.
Vaxan yoʻlagi aholisi asosan vaxanliklar va qirgʻiz koʻchmanchilaridan iborat. Ular baland togʻlarning ogʻir sharoitida yashab, anʼanaviy chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Aholining aksariyati shialik yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ismoilizmga eʼtiqod qiladi, bu esa mintaqani madaniy va diniy jihatdan ham oʻziga xos qiladi.
Bugungi kunda Vaxan yoʻlagi xalqaro manfaatlarning muhim obyekti boʻlib qolmoqda. Xitoy va Afgʻoniston uni “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi istiqbolli transport va savdo yoʻlagi sifatida koʻrmoqda. Infratuzilma loyihalarini amalga oshirish mintaqa rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatib, iqtisodiy hamkorlik uchun yangi yoʻllar ochishi mumkin. Biroq, murakkab iqlim sharoiti, rivojlangan infratuzilmaning yoʻqligi va mintaqadagi beqaror siyosiy vaziyat kabi jiddiy muammolar bu jarayonga toʻsqinlik qilmoqda.
Rasmiylar Oʻzbekiston poytaxti Toshkentdan boshlanib, Afgʻonistonning yirik shaharlari orqali Pokistonning Haydarobod shahrigacha borishi kerak boʻlgan Transafgʻon temir yoʻl liniyasi loyihasini ham muhokama qildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, infratuzilmani tiklash loyihalarini amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Avvalroq Transafgʻon magistrali loyihasi boʻyicha ishlar 2027-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.