2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekistonda kompaniyalarga “yashil tadbirkor” maqomini berish platformasi ishga tushadi. Bunday maqomni ekologik toza texnologiyalarni, energiyani tejash va atrof-muhitga salbiy taʼsirni minimallashtirish choralarini joriy etuvchi korxonalar olishi mumkin.
Talablarga javob berish uchun korxonalar koʻkalamzorlashtirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash, atmosferaga chiqindilarni kamaytirish va aylanma iqtisodiyot (“7R”) tamoyillarini joriy etishlari kerak.
“Yashil tadbirkor” maqomiga ega kompaniyalar qator afzalliklarga ega boʻladi: davlat xaridlarida ishtirok etishda “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik, ekologik tekshiruvlardan vaqtincha ozod qilish, xalqaro bozorlarga chiqishda qoʻllab-quvvatlash va Tadbirkorlik barqarorligi reytingida qoʻshimcha ballar.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-apreldan mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi uchun “yashil tariflar” paydo boʻladi. Imtiyozlar biogaz, quyosh va shamol qurilmalaridan foydalanuvchi tadbirkorlarga, shuningdek, ortiqcha energiyani davlatga sotuvchi aholiga tatbiq etiladi.
Hukumat qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, jumladan, quyosh panellarini oʻrnatishni nazorat qilish va ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarishni tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etishni davom ettiradi.