Oʻzbekistonda ilmiy va tahliliy loyihalarni moliyalashtirish uchun Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi. Tegishli farmon prezident tomonidan imzolandi.
Jamgʻarma yaqinda tashkil etilgan Muvofiqlashtiruvchi kengash qoshida ishlaydi, u davlat fan va innovatsiyalar strategiyasi doirasida tadqiqot faoliyatini tashkil etish va mablagʻlardan maqsadli foydalanishni nazorat qilish bilan shugʻullanadi.
Jamgʻarma Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidagi maxsus hisobvaraqlarda jamlangan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi. Kengash ushbu mablagʻlarni tasarruf etish, depozitlarga joylashtirish, shuningdek, grantlar va begʻaraz texnik yordam jalb qilish huquqiga ega boʻladi.
Ilmiy va tahliliy tadqiqotlar, ekspert materiallarini tayyorlash va jamoatchilik fikrini oʻrganish jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻladi. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning maʼlumotlar bazalari va tadqiqot natijalaridan pullik asosda foydalanishi hamda tadbirlarda ishtirok etishi koʻzda tutilgan.