Rossiyaning harbiy xarajatlari Yevropadagi barcha mamlakatlarning mudofaa byudjetidan oshib ketdi

Dunyo

2024-yilda Rossiyaning mudofaa uchun umumiy xarajatlari 42 foizga oshib, 462 milliard dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniyaning mudofaa byudjetidan oshib ketdi.

Rossiyaning harbiy xarajatlari 2024-yilda 42 foizga oshib, 13,1 trillion rublni tashkil etdi, bu 462 milliard dollarga teng va Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari mudofaa budjetlaridan oshib ketdi. Bu haqda Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (XSTI) maʼlumotlarida keltirilgan, deb yozadi Financial Times gazetasi.

Institut prognozlariga koʻra, Rossiyaning 2025-yilda mudofaa uchun umumiy xarajatlari yana 13,7 foizga oʻsib, 15,6 trillion rublga yetadi. Bu summa YIMning 7,5 foizi va mamlakat federal xarajatlarining qariyb 40 foizini tashkil etadi.

Taqqoslash uchun, Yevropa davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning mudofaa budjetlari oʻtgan yili deyarli 12 foizga oʻsib, 457 milliard dollarni tashkil etdi, bu Rossiya Federatsiyasi xarajatlaridan 5 milliard dollarga kam.

IISS xabariga koʻra, Kreml hamon Ukrainadagi mojaro bilan bogʻliq jangovar xarajatlar uchun mablagʻ ajratishga tayyor. “Bu iqtisodiyotga zarar keltirsada, Rossiya hali ham urush bilan bogʻliq xarajatlarni koʻtarishi mumkin”, deydi ekspertlar.

Institut tadqiqotiga koʻra, agar mamlakatlar harbiy xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 3 foizigacha oshirsa, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning mudofaa xarajatlari Rossiya harbiy budjetidan oshib ketishi mumkin.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, agar Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya mudofaaga yalpi ichki mahsulotning 5 foizini ajratadigan boʻlsa, ularning harbiy xarajatlari taxminan 800 milliard dollarga oshadi, bu Rossiyaning hozirgi xarajatlaridan deyarli ikki baravar koʻpdir.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.