Poytaxtning Yakkasaroy tumanida 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etiladigan yirik investitsiya loyihasi boshlanadi. Bu haqda Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tuman hokimi Nilufar Allabergenova Griffin Development kompaniyasi vakillari, shuningdek, hokim oʻrinbosarlari va boshqa masʼul rahbarlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi Glinka koʻchasidagi 37, 39 va 41-uylarni oʻz ichiga olgan hududda keng koʻlamli qurilish loyihasini amalga oshirish boʻldi. Uchastkaning umumiy maydoni 0,63 gektar.
Loyiha doirasida 16 qavatli 3 ta biznes markazi, zamonaviy mehmonxona, rivojlangan infratuzilmaga ega turar joy majmualari, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu oʻzgarishlar nafaqat hududning meʼmoriy qiyofasini yangilaydi, balki yangi ish oʻrinlarini yaratadi, bu esa mahalliy aholining bandlik darajasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Uchrashuv davomida investorlar loyihani amalga oshirishning batafsil rejasini taqdim etdilar, uning asosiy bosqichlari va kutilayotgan natijalarni eʼlon qildilar. Yakunda tomonlar hamkorlikni mustahkamlash, qulay investitsiya muhitini qoʻllab-quvvatlash va qurilish muddatlariga qatʼiy rioya qilishga kelishib oldilar.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkentning Yakkasaroy tumanida profilaktika inspektori oltin taqinchoqlar va 1000 dollarlik pul solingan sumkani topib olgandi. Huquq-tartibot xodimi professionallik koʻrsatib, qimmatbaho buyumlar solingan yoʻqolgan sumkani egasiga qaytarib bergan.