Toshkent shahrida “Mutaxassislar uyi” turar joylari madaniy meros obyekti maqomini oldi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy merosni muhofaza qilish agentligi xabar berdi.
Toshkent shahri Beshyogʻoch koʻchasidagi 16-18-uylar rasman madaniy meros obyekti sifatida eʼtirof etilib, davlat muhofazasiga olingan. Ushbu qaror Madaniy meros agentligi va uning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlardan soʻng qabul qilindi.
Qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkazilgan tarixiy-madaniy ekspertiza ushbu toʻrt qavatli uylarning XX asr birinchi yarmidagi Toshkent meʼmorchiligining yorqin namunasi sifatidagi ahamiyatini tasdiqladi. Natijada, Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan 2025-yil 7-fevralda respublika ahamiyatidagi arxitektura yodgorligi sifatida Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilishi maʼqullangan. Hozirda Agentlik tomonidan ularni ushbu roʻyxatga kiritish jarayoni olib borilmoqda.
Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, yangi aniqlangan madaniy meros obyektlari Milliy roʻyxatga uzil-kesil kiritilgunga qadar muhofaza qilinishi lozim. Bundan tashqari, qoʻriqlanadigan hududlarda qurilish, buzish yoki obodonlashtirish bilan bogʻliq har qanday loyihalar Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi kerak. Ushbu idoraning qarorlari davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Beshyogʻoch koʻchasidagi noyob “Mutaxassislar uyi” madaniy meros obyektlarining yangi roʻyxatida yoʻqligi haqida xabarlar tarqalgandi.