Germaniyada 14-16-fevral kunlari boʻlib oʻtadigan 61-Xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferensiyasi boshlandi. Tadbirda 60 ga yaqin davlat rahbarlari va 150 nafar vazir ishtirok etib, mudofaa va xalqaro xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.
2025-yilgi sammitning asosiy mavzusi Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush, shuningdek, tinchlik muzokaralari istiqbollari boʻldi. Bundan tashqari, ishtirokchilar Yaqin Sharq va Suriyadagi vaziyatni koʻrib chiqadi.
Konferensiyaning asosiy figuralari orasida AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bor. Mamlakatlar delegatsiyalari oʻrtasida muzokaralar, jumladan Zelenskiy va Vens oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilishi kutilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp ham konferensiya doirasida AQSH, Rossiya va Ukraina vakillari muzokara oʻtkazishini maʼlum qilgan, biroq tashkilotchilar unda rossiyalik amaldorlar ishtirok etmasligini maʼlum qilgan.
Tadbirda Trampning Rossiya va Ukraina boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog Yevropa boʻylab gastrol safarida ishtirok etadi. AQSH Davlat departamenti uning missiyasi Trampning “Ukrainada kuch bilan tinchlik oʻrnatish” siyosatini ilgari surish va AQSH milliy manfaatlarini himoya qilishdan iboratligini maʼlum qildi. U Vashingtonning yevropalik ittifoqchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Konferensiyadan bir necha kun oldin Donald Tramp Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, tinchlik muzokaralarini boshlash boʻyicha kelishuvga erishilganini maʼlum qildi. Bu AQSH va Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilarida xavotir uygʻotdi, ular mojaroni hal qilish jarayonida oʻz manfaatlari eʼtibordan chetda qolishidan xavotirda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp ilk bor Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbat bir yarim soat davom etdi. Davlat rahbarlari Ukrainadagi mojaroni toʻxtatish va zudlik bilan muzokaralar jarayonini boshlash zarurligiga rozi boʻldi.