Ukrainaning Natus Vincere kibersport tashkiloti shaxmat boʻyicha boʻlinma tashkil etilganini eʼlon qildi. Bu haqdagi maʼlumot jamoaning rasmiy saytida eʼlon qilindi.
Tarkibdan uch nafar mashhur shaxmatchi — oʻzbekistonlik Nodirbek Abdusattorov, amerikalik Uesli So va ukrainalik Aleksandr Bortnik oʻrin olgan.
16-fevral kuni ular ikkita onlayn Chessable Masters chempionatining birinchisida klubni himoya qilishadi. Turnirning sovrin jamgʻarmasi 150 ming dollarni tashkil etadi. Ikkinchi turnir may oyi oʻrtalarida boʻlib oʻtadi.
CCT reytingining eng yaxshi 12 oʻyinchisi Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan Esports World Cup festivali doirasida boʻlib oʻtadigan seriya finaliga taklif qilinadi. U yerda ishtirokchilar 1,5 million dollarlik bosh sovrin uchun kurash olib borishadi.
Avvalroq oʻzbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov 2024-yilda turnirlarda 132,9 ming dollardan ortiq daromad olgani maʼlum boʻlgandi. Oʻzbekiston vakili dunyoning eng koʻp maosh oluvchi 17 shaxmatchisi roʻyxatida 12-oʻrinni egalladi.