Oʻzbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov shaxmat boʻlimi tashkil etilishini eʼlon qilgan Ukrainaning Natus Vincere (NAVI) kibersport tashkiloti bilan shartnoma imzoladi.
Jamoaga Abdusattorovdan tashqari amerikalik grossmeyster Uesli So va ukrainalik Aleksandr Bortnik ham qoʻshildi. 16-fevral kuni ular NAVIʼni Chessable Mastersʼda taqdim etishadi — bu mukofot jamgʻarmasi 150 ming dollar boʻlgan ikkita onlayn chempionatning birinchisi. Ikkinchi turnir may oyida boʻlib oʻtadi.
Seriya yakunlari boʻyicha eng yaxshi 12 nafar oʻyinchi Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan Kibersport boʻyicha jahon chempionati doirasida oʻtkaziladigan grand finalga taklif etiladi. U yerda shaxmatchilar 1,5 million dollarlik sovrin jamgʻarmasini oʻynashadi.