AQSH prezidenti maʼmuriyati Yevropa rasmiylari vakillariga Ukrainada 2025-yilgi Pasxa bayramiga qadar (katolik va pravoslav Pasxasi 20-aprelga toʻgʻri keladi) sulhga erishishga intilayotganini maʼlum qildi. Bu haqda Bloomberg agentligi oʻz manbalariga tayanib xabar berdi.
Biroq, baʼzi Gʻarb siyosatchilari AQSH va Rossiya vakillari keyingi haftada Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish uchun Saudiya Arabistonida maslahatlashuvlarni boshlashini hisobga olsak ham, bunday surʼat juda yuqori va unga erishib boʻlmaydi, deb hisoblashadi.
Xabardor manbalardan birining agentlikka maʼlum qilishicha, Rossiya-Ukraina mojarosida sulh tuzishning yanada real muddati joriy yil oxiri boʻlishi mumkin.
Avvalroq Ukraina va Gʻarbning yuqori martabali amaldorlari Financial Timesʼga bergan sharhida ham Putin va Tramp aprel-may oylarida - Pasxa yoki 9-maygacha Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuv tuzishga intilishi haqida fikr bildirgan edi. “Putin shunday muhim kunda kelishuv tuzishni istaydi,” - dedi Ukraina rasmiylaridan biri.
Boʻlajak muzokaralar arafasida Yevropa davlatlari Ukrainaga yangi yirik harbiy yordam paketini shakllantirish ustida faol ishlamoqda, deb yozadi Bloomberg agentligi.
Shu bilan birga, ushbu qoʻllab-quvvatlashning aniq tafsilotlari 2025-yil 23-fevralgacha, Germaniyada navbatdan tashqari parlament saylovlari oʻtkazilgunga qadar oshkor etilmaydi. Bu ovoz berishdan oldin tortishuv va kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmaslik uchun qilingan.
26-yanvar kuni Ukrainaning “Страна.ua” nashri Donald Trampning Rossiya-Ukraina mojarosi yakuni boʻyicha “100 kunlik rejasi”ni eʼlon qildi. Biroq bu rejaning haqiqiyligi tasdiqlanmagan.
Ushbu rejaga koʻra, sulh 20-aprel kuni eʼlon qilinishi mumkin. 9-mayga qadar urushni tugatish va tinchlik konferensiyasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani tayyorlash rejalashtirilgan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashida OAVda paydo boʻlgan urush tugashi va muzokaralar boshlanishining aniq sanalari haqidagi maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aytildi.