Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Vladimir Putinning topshirigʻiga binoan AQSH vakillari bilan uchrashish uchun Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qildi.
Muzokaralar 18-fevralga moʻljallangan boʻlib, Rossiya-AQSH munosabatlarini tiklash, shuningdek, Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha ehtimoliy muzokaralarni muhokama qilish va ikki davlat prezidentlari uchrashuvini tashkil etishga bagʻishlanadi.
Shuningdek, Peskov Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi rahbari Kirill Dmitriyevning ehtimoliy ishtirokiga izoh berishdan bosh tortdi. Avvalroq Bloomberg agentligi u Rossiya delegatsiyasi tarkibiga kirishini maʼlum qilgandi. “Interfaks” xabariga koʻra, Dmitriyev AQSH vakillari bilan iqtisodiy hamkorlik masalalariga bagʻishlangan alohida muzokaralar oʻtkazadi.
Saudiya Arabistonining uchrashuv maydoni sifatida tanlanishi bu mamlakat har ikki tomonni ham qoniqtirishi bilan izohlanadi, deya taʼkidladi Peskov.
Avvalroq AQSH Rossiya bilan Yevropa ishtirokisiz tinchlik muzokaralarini ilgari surayotgani fonida Yevropa yetakchilari Parijda Ukrainadagi urush boʻyicha favqulodda sammitga yigʻilishi haqida xabar berilgan edi.