Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kuvaytga tashrifi doirasida “As-Salom” saroy-muzeyiga tashrif buyurdi.
Saroy 1960-1964-yillarda oʻziga xos arab meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan va 1990-yilgacha Kuvaytga tashrif buyurgan xorijiy rahbarlar uchun rasmiy qarorgoh boʻlib xizmat qilgan.
2019-yilda saroyda muzey ochilgan boʻlib, unda 32 ming kvadrat metr maydonda Kuvaytning koʻp asrlik tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.
Davlat rahbari muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, uning meʼmoriy konsepsiyasi va zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi.

Oʻzbekiston bilan Kuvayt madaniy almashinuvlarini, xususan, muzey ishi va tarixiy merosni asrash sohasidagi aloqalarni kengaytirish, qoʻshma gumanitar dasturlarni amalga oshirish va oʻzaro koʻrgazmalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev muzeyning Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
Eslatib oʻtamiz, 17-fevral kuni Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Kuvaytga borgandi. Tashrif munosabati bilan faxriy qorovul saf tortgan, davlat bayroqlari koʻtarilgan, ikki mamlakat madhiyalari yangragan.