ITB Oʻzbekistonga taʼlim va yoʻl qurilishi uchun qariyb $300 mln ajratadi

O‘zbekiston

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki taʼlim tizimi va yoʻllar holatini yaxshilash uchun Oʻzbekistonga qariyb 300 million dollar miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatadi. Ikki kelishuvga muvofiq, yangi maktablar qurish, inklyuziv taʼlimni joriy etish, yoʻl infratuzilmasini yangilash va taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan.

Foto: ITB

Rivojlanayotgan bozorlar iqtisodiyotiga bagʻishlangan Al-Ula konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston hukumati va Islom taraqqiyot banki oʻrtasida taʼlim sohasini rivojlantirish va mamlakat yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan ikkita shartnoma imzolandi.

Birinchi kelishuv Oʻzbekistonda taʼlim xizmatlari sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida Islom taraqqiyot banki tomonidan 160,25 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratiladi. Ushbu tashabbus Taʼlim sohasidagi global hamkorlik bilan birgalikda amalga oshirilmoqda va Oʻzbekistonning taʼlim sohasidagi milliy strategiyalariga mos keladi.

Loyihaning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

  • laboratoriyalar, mebel va raqamli infratuzilma bilan jihozlangan 58 ta inklyuziv maktablarni tashkil etish;

  • 2431 ta oʻquv xonasini qurish;

  • oʻquv dasturlari va oʻquv materiallariga kompetensiyaviy yondashuvni joriy etish;

  • oʻqituvchilarning tayyorgarligini, oʻquvchilarni baholash tizimini va taʼlim sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish;

  • barcha bolalar uchun taʼlim olishning teng imkoniyatlarini taʼminlaydigan inklyuziv taʼlimni joriy etish.

2026-yilga borib Oʻzbekistondagi barcha bolalar inklyuziv va kompetensiyalarga asoslangan taʼlim tizimi doirasida sifatli taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi. Loyihaning asosiy maqsadi oʻquvchilarning koʻnikmalarini rivojlantirish va ularning akademik natijalarini yaxshilashga qaratilgan barqaror taʼlim modelini yaratishdan iborat.

Ikkinchi kelishuv A373 trassasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Islom taraqqiyot banki ushbu maqsadlar uchun 138,8 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratadi.

Loyihaning asosiy maqsadlari:

  • 2030-yilga borib yoʻlga ketadigan vaqtni 50 foizga — 30 daqiqagacha qisqartirish;

  • baxtsiz hodisalarning 40 foizga kamayishi — yoʻl-transport hodisalarining yillik darajasini 24 tagacha kamaytirish;

  • mavjud toʻrt polosali shosseni kengaytirish;

  • mintaqaviy va mahalliy transport qulayligini yaxshilash;

  • savdo yoʻnalishlarini optimallashtirish, turizmni rivojlantirish va qoʻshni mamlakatlar bilan integratsiyani kuchaytirish.

Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga kelishib oldi.

Avvalroq Oʻzbekiston Islom taraqqiyot banki koʻmagida qishloq hududlarini modernizatsiya qilish loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga kirishayotgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu tadbirlarga 293,5 million dollar yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.