Fox News: AQSH va Rossiya uch bosqichli tinchlik rejasini koʻrib chiqmoqda

Dunyo

Moskva va Vashington mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish rejasini taqdim etdi — oʻt ochishni toʻxtatish, Ukrainadagi saylovlar va yakuniy kelishuv. Fox News manbalarga tayanib xabar berishicha, ikki davlat rahbarlari Zelenskiyning qayta saylanishi istiqbollariga shubha bilan qaramoqda.

Foto: Evan Vucci/AP

Rossiya va AQSH mojaroni hal qilish uchun oʻt ochishni toʻxtatish, Ukrainada saylovlar oʻtkazish va yakuniy kelishuvni imzolashni oʻz ichiga olgan uch bosqichli rejani taklif qilmoqda. Bu haqda Fox News telekanali jurnalisti Jeki Xaynrich maʼlum qildi.

“AQSH va Rossiya uch bosqichli tinchlik rejasini taklif qilmoqda... Bu reja oʻt ochishni toʻxtatish, Ukrainadagi saylovlar va keyin yakuniy kelishuvni imzolashni oʻz ichiga oladi”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻida manbalarga tayanib.

Avvalroq Rossiya-Ukraina urushini tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha shunga oʻxshash reja haqida Yevroparlament deputati Sergey Lagodinskiy manbalarga tayanib xabar bergan edi.

Shu bilan birga, Fox News aniqlik kiritishicha, Tramp va Putin Zelenskiyning qayta saylanish imkoniyatini past deb hisoblamoqda.

Avvalroq Ukraina prezidenti agar urushni tugatish boʻyicha oʻylanmagan qaror qabul qilinsa, uning mamlakatida afgʻon ssenariysi boʻlishi mumkinligini aytgandi. Zelenskiyning aniqlik kiritishicha, Ukraina oʻz hududining bir qismidan butunlay voz kechishga tayyor emas.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.