Qozogʻistonda soliqchilar blogerlarga katta miqdorda qarzdorlik eʼlon qildi

Dunyo

Qozogʻistonda soliq xizmati 600 ga yaqin blogerdan qariyb 107 million dollar miqdorida kamomadni aniqladi. Davlat daromadlari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida turli manbalardan olingan maʼlumotlar va soliq deklaratsiyalarida koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar aniqlandi.

Foto: Illyustrativ / afk.kz

Qozogʻiston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan blogerlarning daromadlari tekshiruvi davomida eʼlon qilingan va haqiqatda olingan mablagʻlar oʻrtasidagi tafovutlar aniqlandi. Farq miqdori 53,3 milliard tengeni tashkil etdi, bu taxminan 107 million dollarga teng. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Farqlarni aniqlash uchun turli manbalardan olingan maʼlumotlar soliq deklaratsiyalarida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan taqqoslandi. Natijada 594 nafar shaxsda nomuvofiqliklar aniqlandi. Fevral oyining oʻrtalarida ularga tegishli bildirishnomalar yuborildi. Ushbu shaxslar 30 kun ichida qoʻshimcha soliq hisobotlarini taqdim etishlari, hisoblangan soliqlarni mustaqil ravishda toʻlashlari yoki rozi boʻlmagan taqdirda tushuntirish berishlari kerak.

Qoʻmita tekshiruvga tushgan blogerlarning umumiy soniga aniqlik kiritmadi. Biroq, “Kazinform” davlat agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil oktyabr oyi oxirida mamlakatda 745 nafar bloger roʻyxatdan oʻtgan. Ushbu roʻyxatga mashhur ijtimoiy tarmoqlarda 20 mingdan ortiq obunachiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar kiritilgan. Oʻtgan yilning toʻqqiz oyida ular davlatga 1,2 milliard tengedan ortiq soliq toʻlagan, bu esa 2,4 million dollarga teng.

Blogerlarga daromadlaridan soliq toʻlash majburiyatini yuklaydigan “Onlayn platformalar va onlayn reklama toʻgʻrisida”gi qonun 2023-yil iyul oyida prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev tomonidan imzolangan va ikki oydan soʻng kuchga kirdi. Ushbu qonun “inflyuyenser” tushunchasini kiritdi - bu internetdagi auditoriya uchun fikri muhim boʻlgan shaxs. Bunday shaxslar endi yolgʻon maʼlumot tarqatganlik uchun javobgarlikka tortiladi, feyklarga qarshi kurashish uchun davlat bilan hamkorlik qilishi, onlayn reklamaga belgi qoʻyishi va tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtishi kerak.

Davlat daromadlari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida turli manbalardan olingan maʼlumotlar va soliq deklaratsiyalarida keltirilgan maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar aniqlandi.

Blogerlarga jismoniy shaxs sifatida tegishli boʻlgan bank hisob raqamlaridan olingan maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Misol uchun, bir blogerning 2022-yilda YTT aylanmasi 60 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, kartalar orqali 300 million dollar oʻtgan. Endi buni qarzdorlik sifatida koʻrsatishmoqda. Soliq idorasi koʻchirmalarni batafsil tahlil qilmadi. “Kirim” ustunida boʻlgan hamma narsa yashirin daromad deb hisoblangan, - dedi Tengrinews bilan suhbatda soliqlar va soliq xavfsizligi boʻyicha ekspert Dmitriy Kazansev.

Ushbu mavzuni birinchilardan boʻlib koʻtargan Alisher Yelikbayev koʻplab hamkasblari vaziyatga izoh bermaslikni afzal koʻrib, kutish pozitsiyasini egallaganini taʼkidladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa norozilik kuchaymoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.