14-fevral kuni boʻlib oʻtgan auksionda Toshkent shahrining Uchtepa tumanidan yer uchastkasi sotildi. Uning maydoni 56 sotix.
Uchastka Hamdoʻst mahallasida, Lutfiy va Katta Xirmontepa koʻchalari kesishmasida joylashgan. Ilgari bu yerda tramvay halqasi boʻlgan. Hududda koʻp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan, deb yozadi Spot.
Auksion 1 soat 14 daqiqa davom etdi. Gʻolib Al-Baraka Qop Biznes kompaniyasi boʻlib, u lot uchun 55,13 milliard soʻm taklif qildi, bu boshlangʻich narxdan 3,95 baravar koʻp.
Auksion shartlariga koʻra, uchastka 49 yilga ijaraga beriladi. Shu bilan birga, kompaniya shartnoma imzolangandan keyin 3 yildan kechiktirmay uy qurishi kerak.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri maʼlumotlariga koʻra, Al-Baraka Qop Biznes kompaniyasi 2021-yilda roʻyxatdan oʻtgan. U plastik idishlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Ustav kapitali 10 mln soʻm boʻlgan kompaniya egasi va yagona taʼsischisi — Izzatilla Ubaydullayev.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil 14-oktyabr kuni E-auksion platformasida “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining Toshkent shahridagi ofis binosini sotish boʻyicha auksion oʻtkazilgandi. Savdolar atigi 13 daqiqa davom etdi va bitta yagona taklifdan soʻng yakunlangan. Pozitive Leader Partner kompaniyasi boshlangʻich narxdan 5 foiz yuqori narx taklif qilib, savdo gʻolibi boʻlgan.