Toronto aeroportidagi aviahalokat: 18 kishi jarohatlandi

Dunyo

Toronto aeroportida yoʻlovchi samolyoti halokatga uchradi. Maʼlum boʻlishicha, bortda 76 nafar yoʻlovchi va toʻrt nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan. Hodisa oqibatida 18 kishi jabrlangan. Avariyaga nima sabab boʻlgani hozircha nomaʼlum. Kanada transport xavfsizligi boshqarmasi tergov boshladi.

Foto: John Nelson

Toronto xalqaro aeroportida aviahalokat yuz berdi. Delta Airlines aviakompaniyasiga tegishli Bombardiyer CRJ900LR samolyoti qoʻnish chogʻida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida 18 kishi jabrlangan.

Samolyot bortida 76 yoʻlovchi va toʻrt nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan. Aksariyat yoʻlovchilar jarohatlarsiz evakuatsiya qilindi.

Delta Connection brendi ostidagi roʻyxatdan oʻtish raqami N932XJ boʻlgan layner Amerikaning Minneapolis shahridan DL4819 reysini amalga oshirayotgandi. Samolyot Deltaʼning shoʻba korxonasi — Edeavor Air tomonidan boshqarilgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda samolyot qor bilan qoplangan yoʻlakda yotganini koʻrish mumkin. Uning yonida oʻt oʻchirish mashinalari bor. Voqeadan soʻng dvigatellar joylashgan fyuzelyajning orqa qismida tutun koʻringan.

Halokat sababi hozircha nomaʼlum. Kanada transport xavfsizligi boshqarmasi tergov boshladi. OAVda samolyotning qulashiga qoʻnish vaqtida yon tomondan esgan kuchli shamol sabab boʻlgan boʻlishi mumkinligi haqida taxminlar paydo boʻldi. Biroq rasmiylar bu versiyani tasdiqlamaydi.

“Hali xulosa chiqarishga erta. Taxmin qilmaslik muhim. Aytishimiz mumkinki, uchish-qoʻnish yoʻlagi quruq boʻlgan va yon tomondan shamol boʻlmagan”, — dedi aeroport oʻt oʻchirish xizmati boshligʻi Todd Eytken.

Avvalroq shifokorlar AFP agentligiga uch kishi ogʻir jarohat olganini maʼlum qilgandi: bola, 60 yoshli erkak va 40 yoshli ayol.

Aeroport rahbari Debora Flint brifingda bu maʼlumotni tasdiqlay olmadi.

“Biz qurbonlar boʻlmaganidan, jarohatlar esa nisbatan yengil boʻlganidan xursandmiz”, — dedi u va favqulodda vaziyatlar xodimlarining harakatlari namunali boʻlganini taʼkidladi.

Hodisa munosabati bilan Toronto aeroporti barcha parvozlarni vaqtincha toʻxtatdi. Biroq biroz vaqt oʻtgach, aeroport faoliyati qayta tiklandi, biroq beshta uchish-qoʻnish yoʻlagidan ikkitasi bir necha kun davomida yopiq qoladi.

Oʻtgan dam olish kunlari Kanadaning sharqiy qismida kuchli qor yogʻib, koʻplab reyslar kechiktirildi yoki bekor qilindi. Mahalliy vaqt bilan soat 14:15 da sodir boʻlgan halokat vaqtida Toronto aeroporti hududida havo harorati -10 daraja atrofida boʻlgan.

Ushbu hodisa soʻnggi bir oy ichida Shimoliy Amerikadagi toʻrtinchi aviahalokat boʻldi. Eng yirik halokat Vashingtondagi Reygan aeroporti uchish-qoʻnish yoʻlagi yaqinida yoʻlovchi samolyotining harbiy vertolyot bilan toʻqnashuvi boʻldi. Ushbu fojia oqibatida 67 kishi halok boʻldi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.