Saudiya Arabistoniga fuqarolarni hajga noqonuniy olib chiqish: tashkilotchilar qoʻlga olindi

O‘zbekiston

Davlat xavfsizlik xizmati va huquq-tartibot idoralari xodimlari Oʻzbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistoniga haj ziyoratini ado etish uchun noqonuniy olib chiqish holatlarini aniqlab, ularga chek qoʻyishdi. Tashkilotchilar turli aldov usullaridan foydalanib, oʻz xizmatlari uchun pul talab qilishgan. Tezkor tadbirlar davomida bir necha kishi qoʻlga olindi, holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi. Tergov davom etmoqda.

Foto: Videodan kadr / XAVFSIZLIK

Davlat xavfsizlik xizmati va huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqarolarni Saudiya Arabistoniga haj ibodatini ado etish uchun noqonuniy olib chiqish holatlari aniqlandi.

Xususan, Namangan viloyatida Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi 1969-yilda tugʻilgan fuqaro mahalliy fuqaroni aldab, Namangandagi sayyohlik firmasi orqali uning ota-onasini Saudiya Arabistoniga haj ziyoratiga yuborishga koʻndirgani aniqlandi. U soʻralgan 20 ming dollarni olayotgan paytda ushlandi.

Yana bir holatda Namangandagi sayyohlik firmalaridan birining xodimi ikki fuqaroni Saudiya Arabistoniga yuborish uchun 15 ming dollar talab qilgan. U 10 ming dollar olayotgan paytda qoʻlga olindi.

Xorazm viloyatida 51 yoshli fuqaro Ellikqalʼa tumanida yashovchi 3 nafar fuqaroni tegishli litsenziyasiz turistik firma orqali Saudiya Arabistoniga joʻnatgan. Xizmatlari uchun u 3450 dollar oldi.

Fargʻonada bir fuqaro ziyorat uyushtirish vakolatiga ega boʻlmay turib, viza rasmiylashtirgan va ikki nafar yurtdoshimizni Saudiya Arabistoniga joʻnatgan hamda buning uchun 2400 dollar olgan.

Shunga oʻxshash holatda 1980-yilda tugʻilgan erkak Telegram messenjerida oʻzini Saudiya Arabistoniga odamlarni hajga joʻnatish bilan shugʻullanuvchi firma rahbari sifatida tanitib, maʼlumot joylashtirgan. U ikki fuqaroni joʻnatish uchun 3100 dollar talab qilgan. 1800 dollar olayotgan paytda qoʻlga olindi.

Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni hukumati 2025-yildagi haj ziyoratiga boruvchilarga oʻzlari bilan bolalarni olib borishni taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan edi. Bu koʻp sonli odamlar toʻplangan sharoitda bolalarning xavfsizligi haqida qaygʻurish bilan bogʻliq.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.