YI davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketini kelishib oldi

Dunyo

Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi, 16-sanksiyalar paketini kelishib oldi. Yangi cheklovlar, xususan, Rossiyadan alyuminiy va neft eksportiga qarshi qaratilgan boʻladi.

Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi, 16-sanksiyalar paketini kelishib oldi, deb yozadi The Financial Times. Yangi cheklovlar, xususan, Rossiyadan alyuminiy va neft eksportiga qarshi qaratilgan boʻladi.

YEI AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Moskvaga nisbatan cheklovlarni yumshatishi mumkinligidan qoʻrqib, yangi sanksiyalar kiritmoqda. FT eslatganidek, 18-fevral kuni Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan Moskva va Vashington oʻrtasidagi rasmiy muzokaralarning birinchi raundidan soʻng AQSH davlat kotibi Marko Rubio Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari Rossiya-Ukraina urushini hal qilish boʻyicha muzokaralar chogʻida koʻtariladigan mavzulardan biriga aylanishi mumkinligiga ishora qildi. Shu bilan birga, Bloomberg agentligi manbalarga tayanib xabar berishicha, Rubio Yevropa ittifoqchilariga urush yakunlanmaguncha Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilmaslikka vaʼda bergan.

Nashr manbalariga koʻra, Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalar paketi Rossiya alyuminiy mahsulotlari importiga “bosqichma-bosqich” taqiq qoʻyadi va xom neft savdosiga cheklovlarni kuchaytiradi. Sanksiyalar ostiga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga hissa qoʻshgan Rossiya yashirin flotining 73 ta tankeri, 13 ta Rossiya banki va oʻnlab shaxslar va kompaniyalar tushadi.

“Biz Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz va Rossiya agressoriga qarshi sanksiyalar qoʻllashda davom etamiz, chunki bu xalqaro qoidalar va tartibni saqlash, suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilishga qaratilgan toʻgʻri qaror”, — dedi Yevropa Ittifoqi diplomatlaridan biri Financial Times nashriga bergan intervyusida.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning avvalgi, 15-paketini 2024-yil 15-dekabrda qabul qilgan edi. Oʻshanda cheklovlar ostida 54 nafar jismoniy va 30 nafar yuridik shaxs, jumladan, Rossiyaning yashirin floti bilan bogʻliq mudofaa korxonalari va kemachilik kompaniyalari boʻlgan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.