Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonga suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish uchun 125 million dollar miqdorida qarz berishni maʼqulladi.
Mablagʻlar suv isteʼmoli hisobini yaxshilash, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ aktivlarini xatlovdan oʻtkazish, shuningdek, suv sektorini raqamlashtirish va uning moliyaviy shaffofligini oshirishga yoʻnaltiriladi. Loyiha doirasida suv taʼminoti tashkilotlari xodimlarini oʻqitish koʻzda tutilgan.
OTBning hisob-kitoblariga koʻra, amalga oshirilgan chora-tadbirlar mamlakatning suv xavfsizligini mustahkamlashga yordam beradi va aholini yanada ishonchli va xavfsiz suv bilan taʼminlaydi. OTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya iqlim oʻzgarishi va suvdan nooqilona foydalanish mamlakat uchun jiddiy xavf tugʻdirayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, yangi loyiha suv taʼminoti korxonalarining energiya sarfini kamaytiradi va ularning operatsion samaradorligini oshiradi.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil noyabr oyida OTB Markaziy Osiyo va Kavkazdagi muzliklarning erishi oqibatlarini yumshatish dasturiga 3,5 milliard dollar ajratgandi.