Oʻzbekistonliklarga Yaponiya tajribasi asosida elektr energiyasini tejash oʻrgatiladi

O‘zbekiston

Oʻzbekistonda energiya resurslarini tejash, jumladan, energiya tejovchi uskunalarni oʻrnatish, ijtimoiy muassasalarda yashil energiyadan foydalanish va uylarni issiqlik izolyatsiyasi boʻyicha chora-tadbirlar kuchaytiriladi. Yaponiya tajribasi asosida isteʼmolchilarni energiya tejashga oʻrgatish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni energiya samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda 28-yanvar kuni elektr energetikasini rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda topshiriq berilgan edi.

Yigʻilishda oʻtgan yili 50 milliard kub metr tabiiy gaz va 81 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani qayd etildi.

Prognozlarga koʻra, 2035-yilga borib elektr energiyasi isteʼmoli hozirgiga nisbatan 1,7 barobarga oshadi. Ushbu talabni toʻliq qondirish uchun nafaqat ishlab chiqarishni koʻpaytirish, balki energiyani tejash ham zarur.

Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 2,5 barobar koʻp energiya sarflanadi. Tarmoqlarda elektr energiyasi isrofi 14 foizga, tabiiy gaz isrofi esa 7 foizdan oshadi.

Shu bois olimlarni jalb qilgan holda joylarda energiya tejash imkoniyatlari ilmiy asosda oʻrganilmoqda. 7 ta viloyatda 4,6 mlrd kVt•soat elektr energiyasi va 1 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish boʻyicha zaxiralar aniqlangan.

Xususan, yirik sanoat korxonalari uchun mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan energiya sarfi meʼyorlari belgilanib, energiya sarfi 5-10 foizga qisqaradi. Ijtimoiy soha obyektlarida energiya tejamkor uskunalar oʻrnatish boʻyicha manzilli dastur tasdiqlanadi.

Koʻp qavatli uylarni issiqlik izolyatsiyasi boʻyicha chora-tadbirlarni kengaytirish rejalashtirilgan. Geliokollektor va quyosh panellari oʻrnatish uchun imtiyozli kreditlar beriladi. Shuningdek, Yaponiya tajribasi asosida isteʼmolchilarga energiya tejash asoslarini oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi.

Davlat rahbari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joy xoʻjaligida energiyani tejash muhimligini taʼkidladi. Hududlar va tarmoqlarda energiya yoʻqotishlarini kamaytirish, energiya resurslarini talon-toroj qilish va maqsadsiz ishlatishning oldini olish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.