O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rais o‘rinbosari Gruziya tadbirkorlik doiralari bilan hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston

Gruziyaga xizmat safari doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rais o‘rinbosari Dilshod Rasulov gruziyalik hamkasblari bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar o‘zaro biznes-missiyalar uyushtirish, ko‘rgazmalar o‘tkazish hamda Tbilisi va Batumida O‘zbekiston savdo uylarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: “Взгляд.uz”

21-25 fevral kunlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rais o‘rinbosari Dilshod Rasulov Gruziyada ish safari bilan bo‘lib turibdi. Tashrif birinchi kunida u Gruziya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Georgiy Pertaya bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralarda asosiy e’tibor o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, O‘zbekiston va Gruziya tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, biznes loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalariga qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bir qator muhim tashabbuslar bo‘yicha kelishib oldi. May oyida Gruziya Savdo-sanoat palatasi rahbarligidagi gruziyalik tadbirkorlar delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi, iyun oyida esa o‘zbekistonlik tadbirkorlar Gruziyaga boradi. Tashrif doirasida “Made in Georgia” va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Tbilisi va Batumida O‘zbekiston savdo uylarini ochish, shuningdek, to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, charm-poyabzal va farmatsevtika kabi sohalarda gruziyalik kompaniyalarning O‘zbekiston biznesi va tarmoq uyushmalari vakillari bilan uchrashuvlarini uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.