Prezident ball tizimi toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi: 12 balldan ortiq jarima toʻplagan haydovchilar haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun yangi jazo choralari belgilandi:
qonunda nazarda tutilgan har bir qoidabuzarlik uchun haydovchiga asosiy jazo bilan birga jarima ballari ham qoʻshib hisoblanadi. Bunda bitta qoidabuzarlik uchun toʻplanadigan maksimal ball 2 balldan oshmasligi kerak.
ballar birinchi qoidabuzarlik qayd etilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida hisobga olinadi. Ushbu muddat tugagach, ular avtomatik ravishda bekor qilinadi.
bsli yil davomida jarima ballari yigʻindisi 12 dan oshadi, haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Jazo muddati kamida 6 oyni tashkil etadi.
Shuningdek, quyidagilar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan:
siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan gazda, dizel yoki gaz yoqilgʻisida ishlaydigan avtomobillardan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish;
yoʻlovchilarni tashish qoidalarini buzish;
quvib oʻtish qoidalariga rioya qilmaslik;
yoʻlda tajovuzkorona xatti-harakatlar (yoʻl bezoriligi);
huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obroʻsizlantirish maqsadida ular bilan foto va videomateriallarni eʼlon qilish.
Jarima ballari tizimini joriy etish 2018-yil may oyida qabul qilingan 2018−2022-yillarda Oʻzbekistonda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasida nazarda tutilgan edi. Bu haqdagi hujjat loyihasini 2019-yilda ishlab chiqish rejalashtirilgan edi.
Prezidentning 2022-yildagi qarori bilan jarima ballari tizimini 2022-yil 1-dekabrdan ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Oʻsha yilning noyabr oyida YHXB tizimni test rejimida ishga tushirishini — qoidabuzarliklar jarimalarsiz qayd etilishini maʼlum qildi. Oʻshanda qonun loyihasi hali ham takomillashtirilayotgani taʼkidlangan edi.
2023-yil noyabr oyida Qonunchilik palatasi jarima ballarini hisoblash tizimini ishga tushirish uchun zarur boʻlgan qonunni qabul qildi. 2024-yil avgust oyida Senat uni qayta koʻrib chiqish uchun qaytardi.