Prezident mamlakat harbiy xavfsizligini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mudofaa qobiliyatini kuchaytirish va qurolli kuchlarni zamonaviylashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Armiyani ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlash, mudofaa sanoatini rivojlantirish, harbiy ta’limni takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

21-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti va qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev mamlakat mudofaa qobiliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Xavfsizlik kengashi a’zolari, harbiy idoralar rahbarlari, harbiy okruglar qo‘mondonlari, shuningdek, videokonferensiya shaklida hududiy hokimiyat organlari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda armiyani mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, ularning samaradorligi va mavjud kamchiliklar muhokama qilindi. Prezident qurolli kuchlar zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanayotgani, bu harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasini oshirayotganini ta’kidladi. Armiya tuzilmasida ichki va tashqi tahdidlarning oldini olishga qaratilgan yangi jangovar bo‘linmalar tashkil etildi, qo‘shinlarning tashkiliy tuzilmasi takomillashtirildi.

Shavkat Mirziyoyev qurolli kuchlarni yanada modernizatsiya qilish va mudofaa sanoatini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston 20 dan ortiq davlat bilan hamkorlik qilmoqda va 400 dan ziyod qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, kadrlar tayyorlash tizimi sezilarli darajada takomillashtirildi: oliy harbiy bilim yurtlari infratuzilmasi zamonaviylashtirildi, o‘quv dasturlari yangilandi, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirildi. Xususan, 30 mingga yaqin harbiylar oilasi uy-joy bilan ta’minlandi, harbiy xizmatchilarning 2 mingdan ortiq farzandlari oliy o‘quv yurtlariga kirishda imtiyozlarga ega bo‘ldi.

Prezident kelgusi yillardagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, armiyani rivojlantirishda zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarni hisobga olish zarurligini ta’kidladi. Qurolli to‘qnashuvlar xarakteridagi o‘zgarishlarni inobatga olib, dronlar va robotlashtirilgan texnikaga qarshi kurashish uchun maxsus bo‘linmalar tashkil etish, shuningdek, havo hujumidan mudofaa va kiberxavfsizlik tizimlarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, jangovar tayyorgarlikni takomillashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida qo‘shinlarni boshqarishning yagona avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, harbiy ta’limda dual ta’limni joriy etish vazifalari qo‘yildi. Shuningdek, “Bosh serjantlar korpusi”ni isloh qilish, harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, harbiy sport orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi armiyani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Avvalroq, BAAning Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan IDEX 2025 xalqaro mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasida O‘zbekiston harbiy texnika — bir necha turdagi dronlar, zirhli mashinalar, shuningdek, ikki maqsadli mahsulotlarni namoyish etgani haqida xabar berilgan edi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.