O‘zbekiston BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi

O‘zbekiston

O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashining 2035-2036-yillarga mo‘ljallangan muvaqqat a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi. O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulug‘bek Lapasov Xitoy raisligida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘p tomonlamalik va global boshqaruv institutlarini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida nutq so‘zladi.

Foto: “Dunyo” AA

Xalqaro hamjamiyatga O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha rasmiy pozitsiyasi yetkazildi. Yig‘ilish davomida ishtirokchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirildi.

O‘zbekiston ko‘p tomonlamalikka sodiqligini, shuningdek, global boshqaruvni mustahkamlash va takomillashtirishga intilishini tasdiqladi. Mintaqaviy hamkorlikning muhimligi va Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishidan manfaatdorlik qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizm va uyushgan jinoyatchilik kabi transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish sohasida BMT bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi bildirildi.

Yig‘ilish ishtirokchilariga iqtisodiy barqarorlik, kambag‘allikni qisqartirish va yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan "O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi" taqdim etildi.

2025 yil O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish yili bo‘lishi ta’kidlandi. Shuningdek, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish uchun o‘rmonzorlar barpo etish, suv resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Orolbo‘yi mintaqasida barqaror rivojlanishni xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

A’zo davlatlar 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “2030-yilgacha bo‘lgan besh yil: barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish” mavzusidagi BMT Davlat xizmati forumiga taklif qilindi.

O‘zbekiston global tinchlik va xavfsizlikka qat’iy sodiqligini tasdiqladi. Shu ma’noda, mamlakatimiz BMT Xavfsizlik Kengashining 2035-2036-yillarga mo‘ljallangan muvaqqat a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surgani ma’lum qilindi.

Hozirgi vaqtda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zolari:

  • Jazoir (2025-yil)

  • Daniya (2026)

  • Gretsiya (2026)

  • Gayana (2025-yil)

  • Pokiston (2026-yil)

  • Panama (2026)

  • Koreya Respublikasi (2025-yil)

  • Serra-Leone (2025)

  • Sloveniya (2025-yil)

  • Somali (2026)

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.