Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 23-fevral kuni HAMAS terrorchilik guruhi isroillik garovga olinganlardan “kamsituvchi marosimlar”da foydalanayotgani sababli 602 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishni to‘xtatganini ma’lum qildi. Netanyahuning so‘zlaridan The Times of Israel iqtibos keltirgan.
“HAMAS tomonidan bir necha bor sodir etilgan qoidabuzarliklar, jumladan, garovga olinganlarimizning qadr-qimmatini kamsituvchi marosimlar va targ‘ibot maqsadlarida garovga olinganlarimizdan surbetlarcha foydalanilgani munosabati bilan kecha [22-fevral]ga rejalashtirilgan terrorchilarni ozod qilishni navbatdagi garovga olinganlarni ozod qilish kafolatlanmaguncha kechiktirishga qaror qilindi, bunda kamsituvchi marosimlar o‘tkazilmaydi”, — dedi Isroil bosh vaziri.
Netanyaxu 600 dan ortiq falastinlik mahbus o‘zlari saqlanayotgan Ofer qamoqxonasini tark etish uchun avtobuslarga o‘tirganidan keyin shunday bayonot bilan chiqdi. Keyinchalik ularga ozodlik noma’lum muddatga kechiktirilishi aytilgan.
Falastin milliy ma’muriyati vakillari mahbuslarni ozod qilish “keyingi ogohlantirish”gacha qoldirilganini tasdiqladi. HAMAS Isroilni o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni buzganlikda aybladi.
Falastinlik mahbuslarning ozod etilishi Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulhning birinchi bosqichi davridagi eng yirigi bo‘lishi mumkin. The Times of Israel nashrining ta’kidlashicha, Isroil rasmiylarining qarori sulhning kelajagini shubha ostiga qo‘ygan.
HAMAS terrorchilik guruhi 22-fevral kuni G‘azo sektorida bo‘lib o‘tgan marosimda olti nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qildi. Isroilliklar harbiy bo‘lmasalar ham qalbaki harbiy kiyimda edilar. The Times of Israel nashrining yozishicha, marosim chog‘ida 22 yoshli Umar Sham-Tov terrorchilar majburlovi ostida ikki jangarini o‘pib qo‘ygan.
HAMAS 20-fevral kuni halok bo‘lgan to‘rt nafar isroillik garovga olinganlar, jumladan, to‘rt yoshli Ariel va bir yoshli Kfir Bibasovning jasadlarini topshirdi. Dastlab, bolalarning onasi Shiri Bibasning jasadi ham topshirilgani aytildi, biroq Isroil harbiylari uning o‘rniga G‘azoda yashovchi ayolning jasadini berishganini aytdi. HAMAS terrorchilari 22-fevral kuni Shiri Bibasning qoldiqlarini Isroilga topshirdi.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvning birinchi bosqichi 2-mart kuni tugaydi. Ikkinchi bosqich bo‘yicha muzokaralar hali boshlanmagan.