Senatorlar Samarqand chegaralarini o‘zgartirishga rozilik berdi

O‘zbekiston

Senat yalpi majlisida parlament yuqori palatasi a’zolari Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2023-yil 20-iyulda prezidentning “Samarqand shahrida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Chegaralarni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihani to‘liq amalga oshirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Xususan, Samarqand shahridan o‘tuvchi Zarafshon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab fuqarolar yashashi uchun qulay bo‘lgan 15 km uzunlikdagi hududda qiymati 10 mlrd dollarlik zamonaviy biznes markazi va “Shirin” turar joy majmuasini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidan Samarqand shahri tarkibiga 243 gektar yer maydoni, shundan Samarqand tumanidan 170 gektar, jami 413 gektar yer maydonini o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Natijada "Shirin" majmuasining hozirda 252 gektar maydoni kengaytirilib, umumiy maydoni 665 gektarga yetkaziladi.

Muhokamalar davomida tasdiqlangan rejaga ko‘ra, hududda jami 60 ming xonadondan iborat 254 ta ko‘p qavatli uy, 180 ming aholiga mo‘ljallangan 45 ta ijtimoiy obyekt barpo etiladi.

“Shirin” shaharchasida qurilish loyihalarini amalga oshirish muddatlari aniq rejalashtirilgan bo‘lib, qurilish ishlari 3 bosqichda olib boriladi.

Eng ahamiyatli jihatlardan biri shundaki, “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi qurib bitkazilishi bilan turli sohalarda qariyb 50 ming aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.