O‘zbekistonda chiqindilarni olib chiqib ketish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash bo‘yicha qonun qabul qilindi

O‘zbekiston

O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lov intizomini yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi. Yangi qonun 600 mlrd so‘mga yetgan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha qarzdorlik muammosini hal qilishga yordam beradi.

Senat bir qator qonun hujjatlariga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lov intizomini yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.

To‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani oqibatida sohada 600 milliard so‘m debitor qarzdorlik to‘planib qolgani korxonalarning moddiy-texnik bazasini yangilash va biznesni jalb qilishni qiyinlashtirmoqda. Ilgari qarzdorlarga nisbatan ta’sir choralari faqat sud orqali ko‘rilib, jarayon cho‘zilib ketar edi.

Yangi qonunga ko‘ra, qarzdorlarga SMS-xabarnoma yuborish, shundan so‘ng elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar vaqtincha cheklanadi. Bunda chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar hisob-kitoblarning aniqligini ta’minlashi shart. Elektr energiyasi to‘lovi bo‘yicha cheklovlar qarzdorlik to‘langanidan keyin avtomatik ravishda olib tashlanadi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar xizmatlar sifatini oshirish, sohaga xususiy biznesni jalb qilish va sohani modernizatsiya qilish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.