Amerika Qo‘shma Shtatlaridan deportatsiya qilingan 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabardan ma’lum bo‘ldi.
Dastlab, ushbu fuqarolar Kosta-Rikaga jo‘nab ketishi, keyin esa vataniga qaytishi rejalashtirilgan edi. Biroq diplomatlarning sa’y-harakatlari tufayli Amerika tomoni bilan ularning “Nyu-York–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga kelishi to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘lindi.
Ma’lum qilinishicha, 7 nafar fuqaro 24-fevral kuni O‘zbekistonga kelgan.
Avvalroq Kosta-Rika AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafar muhojirni qabul qilishi kerakligi, ular orasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Hindiston fuqarolari ham borligi xabar qilingandi.
Biroq endilikda AQShdan deportatsiya qilingan o‘zbekistonliklar “Nyu-York–Toshkent” reyslari orqali vatanga qaytishi ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Kosta-Rika Vashington bilan kelishuv doirasida 200 nafargacha muhojirni vaqtincha qabul qilishi ma’lum bo‘lgandi, ularning aksariyati Osiyodan kelgan. Ularning o‘z ixtiyori bilan vatanga qaytishi mahalliy hokimiyat tomonidan muvofiqlashtiriladi. Shu bilan birga, AQSH noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash kampaniyasini davom ettirmoqda, deportatsiya qilinganlarni hamkor davlatlar bilan hamkorlik qilish uchun reyslar orqali yubormoqda.