Bosh assambleya Ukraina bo‘yicha tinchlik talabi bilan ikkita rezolyutsiya qabul qildi, O‘zbekiston ikkala holatda ham betaraf qoldi

O‘zbekiston

BMT Bosh assambleyasi Ukraina bo‘yicha BMT Nizomiga muvofiq tinchlik talabi bilan ikkita rezolyutsiya qabul qildi. Xususan, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya va Isroil qarshi ovoz berdi. O‘zbekiston har ikki holatda ham betaraf qoldi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganining uch yilligi munosabati bilan ushbu mamlakatdagi vaziyat bo‘yicha 11-maxsus favqulodda sessiya o‘z ishini davom ettirdi, deb xabar bermoqda tashkilot axborot xizmati.

Ukraina va AQSH o‘z rezolyutsiya loyihalarini ovoz berish uchun taqdim etdi, Bosh Assambleya ikkala variantni ham qabul qildi.

Ukraina hujjati uchun 93 davlat ovoz berdi, 18 davlat, jumladan AQSH qarshi chiqdi, 65 delegatsiya, jumladan O‘zbekiston betaraf qoldi.

Amerika variantini 93 davlat qo‘llab-quvvatladi, 8 davlat qarshi ovoz berdi, 73 davlat, jumladan, O‘zbekiston betaraf qoldi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif qilingan tuzatishlar bilan qabul qilindi, AQSH ovoz berishda betaraf qoldi.

Qabul qilingan tuzatishlardan birida rezolyutsiyaga “Ukrainaning suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligini uning hududiy suvlariga qadar cho‘zilgan xalqaro tan olingan chegaralari doirasida” tasdiqlash so‘zlarini qo‘shish taklif qilingan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Maryana Betsa ovoz berishdan oldin Bosh Assambleya minbaridan turib, mamlakatlarni BMT Nizomiga sodiq qolishga chaqirdi. “Biz tarixiy lahzani boshdan kechirmoqdamiz”, dedi u va bugun qabul qilinadigan qarorlar Ukraina, Yevropa va butun insoniyat kelajagini belgilashini qo‘shimcha qildi.

Ukraina hujjati avvalgi rezolyutsiyalarga ishora qilib, Rossiyani Ukraina hududidan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketishga chaqiradi. Hujjat mualliflari BMT Nizomi tamoyillariga asoslangan tinchlikka erishishga chaqiradi. O‘nlab mamlakatlar loyihaning hammualliflari bo‘ldi.

Amerikalik diplomat Doroti Shi ovoz berishdan oldin rezolyutsiyaning “Tinchlikka yo‘l” deb nomlangan amerikacha versiyasini taqdim etdi, unda mualliflar mojaroni tugatishga chaqiradi, biroq uni kim boshlagani va tinchlik qanday shartlar asosida tuzilishi kerakligiga aniqlik kiritmaydi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya rezolyutsiyaning Amerika variantiga ovoz berishga chaqirib, uni “to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam” deb atadi, shuningdek, Ukraina inqirozining “ildiz sabablarini” bartaraf etish bo‘yicha Rossiya tomonidan unga kiritilgan tuzatishni qo‘llab-quvvatladi. Tuzatish Bosh assambleya tomonidan qabul qilinmadi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.