Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun asossiz jarima ballari ustidan shikoyat qilish mumkinmi va ularni hisoblashda korrupsiya qanday nazorat qilinishi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, jarima ballari hisoblanishi mumkin bo‘lgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari ro‘yxati e’lon qilindi.

O‘zbekistonda 12 ballik jarima ballari tizimi 12 ta moddani qamrab oladi, deya ma’lum qildi 25 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi:

  • 125-modda (Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish);

  • 126-modda (Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek ko‘rinishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish);

  • 127-modda (Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalarini o‘rnatishdan foydalanish qoidalarini buzish);

  • 128-3-modda (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi);

  • 128-modda, 2-qism (Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunib to‘xtash chizig‘iga kirishi va undan o‘tishi);

  • 128-5-modda (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqib ketishi);

  • 128-6-modda (Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi);

  • 128-8-modda (Yo‘lovchilarni tashish qoidalarini buzish);

  • 128-9-modda (Quvib o‘tish qoidalarini buzish);

  • 129-modda (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakatlanishida ishtirok etishi);

  • 130-modda (Transport vositalari haydovchilarining temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidalarini buzishi);

  • 137-modda (Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joydan ketib qolish).

Bunda:

  • bitta qoidabuzarlik uchun jarima ballarining eng ko‘p miqdori — 2 tadan ko‘p emas;

  • ballar qoidabuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida hisobga olinadi;

  • bir yil o‘tgandan so‘ng jarima ballari avtomatik ravishda bekor qilinadi;

  • ularni hisoblash tartibi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.

  • Tizim hukumatning tegishli qarori loyihasi tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida ballarni hisoblashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion xatarlar masalasi ham ko‘tarildi. Xizmat planshetlari va bodi-videokameralardan foydalanish orqali korrupsiya holatlarini qayd etish va ularga chek qo‘yish mumkin.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.