AQSH prezidenti Donald Tramp 5 million dollarlik “oltin kartalar”ni joriy etishni taklif qildi, ular AQSHda doimiy yashash huquqini beradi va AQSH fuqaroligini olishga yo‘l ochadi. Bu haqda Axios xabar bermoqda.
“Boylar bu kartani sotib olish orqali yurtimizga kelishadi. Ular muvaffaqiyatli bo‘ladilar, ko‘p pul sarflaydilar, ko‘p soliq to‘laydilar va ko‘p odamlarni yollaydi. AQSH bir million va undan ortiq “oltin kartalar” sotishi mumkin”, — dedi respublikachi.
Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, tegishli dastur ikki haftadan keyin ishga tushiriladi.
Tramp “oltin kartalar”ni rossiyalik oligarxlarga sotish imkoniyatini istisno qilmadi.
“Ha, bo‘lishi mumkin. Men ba’zi rossiyalik oligarxlarni bilaman, ular juda yoqimtoy odamlar”, deb javob berdi Tramp ularga kartalar sotiladimi, degan savolga.
Axios’ning ta’kidlashicha, Tramp taklif qilgan “oltin kartalar” 1992-yilda ishga tushirilgan mavjud EB-5 dasturi o‘rnini bosishi kerak. U xorijliklarga AQSHga sarmoya kiritish uchun grin-kartalarni taklif qiladi.