O‘zbekiston va Estoniya savdo, transport va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston

O‘zbekiston va Estoniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024-yilda 20 foizga o‘sib, 150 million dollarga yetdi. O‘zbekiston eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va Yevropa bozorlariga chiqish uchun Estoniya portlaridan foydalanishni ko‘rib chiqmoqda.

21-fevral kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov estoniyalik diplomat Ayap Ora bilan ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holatini muhokama qildi. Tomonlar 2024-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o‘sib, 150 million dollarga yetganini ta’kidladilar. Savdo hajmini oshirishda xizmatlar, og‘ir mashinasozlik va tibbiy asbob-uskunalar eksporti asosiy hissa qo‘shdi. Shuningdek, iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri O‘zbekiston kompaniyalari Estoniyaning Tallinn, Muuga, Pyarnu va Sillame portlaridan foydalanishi mumkinligi bo‘ldi. Bu eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va Yevropaga mahsulot yetkazib berishni osonlashtirish imkonini beradi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov elchi bilan uchrashuvda Estoniyada O‘zbekistonning transport-logistika imkoniyatlariga bag‘ishlangan Road show tashkil etish, shuningdek, Estoniya kompaniyalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazishni taklif qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi estoniyalik hamkorlar bilan IT, telekommunikatsiya va raqamli iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Kelishuvlar tafsilotlari hozircha oshkor etilmayapti.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.