O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi.
Davlat rahbari Turkiya yetakchisiga sihat-salomatlik, farovonlik, qardosh turk xalqining barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Turli darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar davom etayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlik sur’ati oshib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Davlat rahbarlari Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi bo‘lajak sammitlar kun tartibini tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Suhbat yakunida yetakchilar butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan bir-birini tabriklab, qardosh O‘zbekiston va Turkiya xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.