Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 25-fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisda yopiq sud majlislari ma’lumotlarini oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Oliy sud raisi o‘rinbosari - iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Shuhrat Polvonov qonun loyihasi prezident administratsiyasining 2024-yil 23-sentyabrdagi xati asosida “joriy sud amaliyotidagi muammolar tufayli” ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sud tizimidagi islohotlar tufayli sud hokimiyatining shaffofligini ta’minlashga erishildi. Xususan, sud jarayonlarida fuqarolarning ishtiroki ta’minlanmoqda va sud qarorlari onlayn tarzda e’lon qilinmoqda.
“Yaratilgan imkoniyatlarga qaramay, bugungi kunda yopiq sud majlisi ishtirokchilari tomonidan sudyaning ruxsatisiz sud jarayoni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish holatlari ko‘paymoqda”, — dedi u.
Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga ko‘ra, ayrim ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi. Sud sudlanuvchining va jabrlanuvchining yaqin qarindoshlariga, shuningdek boshqa shaxslarga yopiq majlislarda ishtirok etishga ruxsat berishi mumkin, bunda ularni yopiq majlislarda tekshirilayotgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi.
Shuhrat Polvonov ta’kidlashicha, qonunchilikda bunday ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi norma mavjud emas. Faqat Jinoyat kodeksining 239-moddasiga ko‘ra, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha (18,75 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Oliy sudi plenumining 2020-yil 21-fevraldagi qaroriga ko‘ra, sud majlisida hozir bo‘lgan va uning borishini qayd etish huquqidan foydalanuvchi shaxslarning suiiste’mol qilishi sud majlisida tartibni buzish hisoblanadi.
Bunday holda sud aybdorlarga nisbatan protsessual qonunda nazarda tutilgan ta’sir choralarini qo‘llashga haqli. Biroq, Oliy sud raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, JPKning 271-moddasida (protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik), shuningdek, majlisda tartibni buzish bilan bog‘liq moddalarda sudning ruxsatisiz ma’lumotlarni oshkor qilish javobgarlikka sabab bo‘ladigan qoidalar belgilanmagan.
Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslari va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, agar davlat sirlarini, ishlar toifasidan kelib chiqadigan sirlarni va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash talab etilsa, ishni yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi.
Polvonov ta’kidlashicha, ushbu kodekslarda yopiq sud majlisida muhokama qilinayotgan ish holatlarini oshkor qilmaslik bo‘yicha majburiyatlar belgilanmagan.
Oliy sud raisi o‘rinbosari qonun loyihasi bilan bunday majburiyatni belgilash va uni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish taklif etilayotganini ma’lum qildi.
U sudning ogohlantirishiga qaramay, ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilangan boshqa mamlakatlar tajribasi haqida gapirdi. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, Singapurda 5000 dollargacha jarima yoki 12 oygacha ozodlikni cheklash, Qirg‘izistonda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 500 baravarigacha, Qozog‘istonda 2000 baravarigacha jarima yoki 600 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.