Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga pedagoglarni attestatsiyadan oʻtkazish, kasbiy sertifikatlash va ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ma’lum qildi.
Sinovlarda barcha fan o‘qituvchilari ishtirok etishi mumkin
Qarorga ko‘ra, endilikda vazir jamg‘armasidan oylik ustama olish uchun nomzodlar ro‘yxati avvalgidek hududiy kengashlar tavsiyasi asosida shakllantirilmaydi. Sinovlarda barcha fan o‘qituvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Ilgari maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari qo‘shimcha to‘lovga da’vo qila olmas edilar, ammo endi ular ham sinovlarda qatnashib, qo‘shimcha to‘lov olishlari mumkin bo‘ladi.
Qo‘shimcha haq to‘lash tartibi
Bundan tashqari, pedagog kadrlarga amaldagi tarif stavkalarining 70 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lash tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, malaka toifasi bo‘yicha test sinovlarida (har ikki bosqichda) ishtirok etgan, oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan (yoki uni saqlab qolgan) hamda 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagoglar mazkur qo‘shimcha to‘lovni olishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, endilikda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan berilgan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega pedagoglar navbatdagi majburiy attestatsiyaning (mutaxassislik fani va kasbiy standart bo‘yicha malaka imtihoni) birinchi bosqichidan ozod etiladi.