Los-Anjelesda 97-“Oskar” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan bosh qahramoni — o‘zbekistonlik striptiz xizmat ko‘rsatuvchi ayol bo‘lgani uchun tanqid qilingan “Anora” filmi bir yo‘la 5 ta mukofotni qo‘lga kiritdi.
Amerikalik rejissyor Shon Beykerning kartinasi eng yaxshi film sifatida “Oskar”ni qo‘lga kiritdi, Beykerning o‘zi esa eng yaxshi rejissyor va eng yaxshi original ssenariy uchun mukofotni qo‘lga kiritdi. Filmda bosh rolni ijro etgan Mayki Medison “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. “Eng yaxshi montaj” nominatsiyasida ham “Anora” g‘olib bo‘ldi.
2024-yilning yozida Kinematografiya agentligi bosh qahramon uchun millat tanlovi bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bildirgandi.
“Film O‘zbekistonni bilgan va unga xayrihoh bo‘lgan insonlarni taajjubga soldi. Chunki filmda raqqosa va fohisha rolini ijro etgan osiyoliklarga o‘xshash qiyofadagi qizning o‘zbek qizi sifatida talqin qilinishi bu qandaydir ma’noda o‘zbeklarga va o‘zbekistonliklarga rus tilida aytganda Medvejya usluga qilishga o‘xshaydi”, — deyiladi idora xabarida.
Shuningdek, agentlikning qayd etishicha, O‘zbekistonning ijodiy yutuqlari, shiddatli islohotlari va “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish”ga intilishi ba’zi odamlarda hasad yoki g‘azab uyg‘otadi.
“Bu kabi yondashuv ortida O‘zbekistonga do‘st bo‘lmagan uzoq-yaqindagi turli xalqaro tashkilotlar yoki nufuzli shaxslar turgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas”, — deya qo‘shimcha qilgandi agentlik.