O‘zbekistonda “Ayolga ehtirom” haftaligi o‘tkaziladi

O‘zbekiston

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbus bilan chiqdi.

O‘zbekistonda 3-10 mart kunlari Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga ehtirom” haftaligi o‘tkaziladi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lum qildi.

Hukumat tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga rag‘batlantirish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha media tanlovlar va tadbirlar o‘tkaziladi.

Vazirlik va idoralarda uzoq yillar ishlagan, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ga, shuningdek, muzeylar, tarixiy obidalar, yodgorliklar, ziyoratgoh va qadamjolar, teatrlar, konsertlar, kinoteatrlar va ko‘ngilochar maskanlarga imtiyozli kirish imkoniyati yaratiladi.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Ona — oilamiz timsoli, mehr bulog‘i” mavzusida insholar tanlovi tashkil etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Ayolni e’zozlash — ezgulik va adolat mezoni”, “Ona — mehr bulog‘i”, “Onam bilan faxrlanaman”, “Yurt ravnaqiga mening hissam” mavzularida yoshlar ishtirokida fleshmob va challenjlar o‘tkaziladi.

«Doim e’tibordasiz!» shiori ostida tibbiyot avtobuslari tashkil etiladi va mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Shuningdek, shoir, yozuvchi va rassomlar o‘rtasida “She’riyat guli”, “Qalam sehri”, “Onalar - bu sharaf”, “Milliy raqs — yorug‘ qadriyat” mavzularida tanlovlar bo‘lib o‘tadi. Vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar ishtirokida “Mardlik kashtalari” mavzusida uchrashuv-muloqotlar o‘tkaziladi.

Yetakchilik salohiyatiga ega xotin-qizlar, shuningdek, yetakchi tadbirkor ayollar o‘z mahallalarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar bilan uchrashuv-muloqotlar tashkil etmoqda.

“O‘zbekiston — umumiy uyimiz” shiori ostida mahallalarda turli millat ayollari ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Hududlarda “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

“Oqila ayollar” harakati va “Xotin-qizlar ta’limi” jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida turli tadbirlar, mahorat darslari, o‘quv seminarlari tashkil etiladi”, — deyiladi xabarda.

Respublika komissiyasi 2025-yilda O‘zbekistonning 331 nafar fuqarosini "Mard ayol" mukofotiga taqdim etadi. Ko‘krak nishoni jamiyat va davlat hayotidagi faolligi, oilalar farovonligini shakllantirish va mustahkamlashga, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qo‘shgan munosib hissasi uchun beriladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.