Farg‘ona viloyatida Quvasoydagi Beshalish soyi bo‘yida 270 tup sog‘lom ko‘p yillik daraxtlar ildizi bilan qo‘porib tashlandi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
2025-yil 22-yanvarda Quvasoy shahar hokimi auksionga chiqarilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi, biroq o‘rganish natijalariga ko‘ra, hududda ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlar o‘sadi.
Yer uchastkasi ikkita lotga bo‘linib, “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritildi. Ushbu hududda ko‘p qavatli turar-joy binolari, yirik univermaglar, ixtisoslashtirilgan do‘konlar, supermarketlar va restoranlar qurish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan edi.
Quvasoy shahar ekologiya bo‘limi bilan kelishish jarayoni ketayotgan vaqtda “YERELEKTRON” axborot tizimi orqali hokimiyat ushbu hududda loyihani amalga oshirish bo‘yicha salbiy xulosa bergan. Biroq, shunga qaramay, shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari topshirig‘iga asosan shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan 270 tup daraxt (qarag‘ay, kashtan, katalpa, yapon soforasi, tut, aylant kabilar) noqonuniy ravishda qo‘porib tashlanib, boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgan, shuningdek, 9 tup daraxt ko‘chirib o‘tkazish jarayonida nobud bo‘lgan.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari va harakatlari natijasida daraxtlar nobud bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarga ko‘chirib o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida mutaxassislar ushbu harakatlar oqibatida tabiatga jami 1 mlrd 829 mln 437 ming so‘m zarar yetkazilganini aniqladi. To‘plangan hujjatlar mutaxassislar tomonidan holatga huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.