O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalarga yordam ijtimoiy shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Bu haqda Norma portali xabar bermoqda.
Qo‘llab-quvvatlash choralari mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, chet tillarni o‘rganish va boshqalarni hisobga olgan holda ijtimoiy shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, ijtimoiy nafaqadan tashqari, ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish to‘xtatiladi.
Tizim 1-martdan boshlab Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida, mamlakatning qolgan hududlarida esa 2025-yil 1-maydan ishlay boshlaydi. Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalar tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, bu oilalarga to‘lanadigan pensiya va kam ta’minlangan oilalarning bolalariga beriladigan moddiy yordam miqdorlarini "mahalla yettiligi"ning jamoaviy qarori bilan 30 foizgacha kamaytirish tartibi joriy etiladi.