“Ziyo Forum” fan va ta’limni rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, “O‘zkimyosanoat” AJ va D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali hamkorligida talabalar va yoshlar o‘rtasida kimyo fanidan akademik A.S. Sodiqov nomidagi olimpiada tashkil etildi.
Talabalar o‘rtasidagi olimpiada uch bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar onlayn platforma orqali sinovdan o‘tkazildi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 20 nafar ishtirokchi keyingi bosqichga yo‘l oldi. Ikkinchi bosqichda amaliy topshiriqlar bajarilib, eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar talaba yakuniy bosqichga yo‘llanma oldi. Yakuniy bosqichda ishtirokchilar o‘zlarining ilmiy loyihalarini taqdim etdilar. G‘oliblarni hakamlar hay’ati tanlashi kerak edi.
Birinchi o‘rinni Shahzoda Hakimova egallab, 5 million so‘m va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Yulduz To‘xtayeva ikkinchi o‘rinni egallab, 3 million so‘m pul mukofoti va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Uchinchi o‘rinni egallagan Zuhraxon Mahkamovaga 1,5 mln so‘m pul mukofoti va sovg‘alar topshirildi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi olimpiadaning saralash bosqichida 150 nafarga yaqin ilm-fan ixlosmandlari o‘z kuchlarini sinab ko‘rishdi. Ulardan eng munosib 20 nafari final bosqichiga yo‘l oldi.
Final natijalariga ko‘ra, 7 nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi va D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filialiga 100% grant asosida o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risida guvohnoma oldilar.